Xotin-qizlar uchun oʻz-oʻzini himoya qilish mashg’ulotlari endi Urganch shahrida!

AQSh elchixonasi Urganch shahridagi ayollar va qizlar uchun o’z-o’zini himoya qilish mashg’ulotlarining ilk raundini mamnuniyat bilan e’lon qiladi.

Uyda, ishda yoki ko’chada bo’lishingizdan qat’iy nazar, shaxsiy xavfsizlik Sizning ajralmas huquqingiz bo’lishi kerak. Afsuski, ayol va qizlarning har uchinchisi o’z hayotida, aksariyat hollarda ular tanigan insonlar tomonidan, jismoniy zo’ravonlikka uchramoqda.

Muammo shu qadar keng tarqalganki, ehtimol atrofingizdagi kimdir – oilangiz a’zosi, qo’shningiz, hamkasbingiz, do’stingiz yoki hattoki o’zingiz ham – shunga o’xshash zo’ravonliklarga duch kelgan bo’lishingiz mumkin. Afsuski, ko’chadagi bezorilik va ta’qiblar butun dunyo xotin-qizlari uchun achchiq kundalik haqiqatga aylangan.

AQShning O’zbekistondagi elchixonasi “Sports Visitor” – AQSH xalqaro almashinuv dasturlarining bitiruvchisi hamda professional dzyudo va sambo murabbiyilari bilan hamkorlikda xotin-qizlar o’zlarini himoya qilishlari uchun zarur bo’lgan ko’nikmalar va o’z-o’ziga bo’lgan ishonchni rivojlantirishga qaratilgan o’z-o’zini himoya qilish bo’yicha o’quv dasturining birinchi bosqichini Xorazm viloyatida boshlamoqda.

Mashg’ulotlar 2024-yil yanvar oyidan boshlab Urganch shahridagi Sambo markazida uch oy davomida o’tkaziladi. Mashg’ulotlarning aniq boshlanish sanasi haqidagi ma’lumot tanlab olingan barcha ishtirokchilarga qo’shimcha ravishda yetkaziladi. Yoshi turlicha bo’lgan xotin-qizlar uchun alohida ikkita guruh tuziladi. Har bir guruhdagi ishtirokchilar soni 30 kishidan oshmaydi.

  • A guruhi: 13 yoshdan 17 yoshgacha bo’lgan qizlar – seshanba, payshanba va shanba  kunlari soat 15:00 dan 16:00 gacha.

A guruhiga ariza topshirish uchun ushbu havolaga o’ting: https://forms.gle/JwAEW1U3nxmfGm6y9

  • B guruhi: 18 yoshdan oshgan ayollar – seshanba, payshanba va  kunlari soat  16:00 dan 17:00 gacha.

B guruhiga ariza topshirish uchun ushbu havolaga o’ting: https://forms.gle/Hggvw3xjG8UasEUv8

Ishtirokchilar o’zlarini jismoniy zo’ravonlikdan himoya qilish, yaxshi jismoniy holat va osoyishtalikni saqlash uchun bir qator texnika va mashqlarni o’rganadilar. Ishtirokchilar o’z-o’zini himoya qilish ko’nikmalaridan tashqari, nizolarni hal qilish, ochiq muloqot va stressni boshqarish usullarini o’rganadilar.

Mashg’ulotlar jismoniy tayyorgarlik darajasidan yoki oldingi mashg’ulot tajribasidan qat’iy nazar, 13 yoshdan oshgan qizlar va ayollar uchun mo’ljallangan.

Arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati: 2024-yil 5-yanvar, juma*.

 *Har bir guruhga faqatgina 150 ta ariza ro’yxatga olinadi. Arizalar belgilangan muddat yoki 150 ta ariza kelib tushgunga qadar qabul qilinadi va ko’rib chiqiladi.

Ushbu ma’lumotni o’z hududingizdagi qizlar va ayollar orasida ham tarqating.

MUHIM QAYDLAR:

  • Ushbu loyiha faqat qizlar va ayollar uchun mo’ljallangan.
  • Mashg’ulotlar bepul.
  • Ishtirokchilar qatnashish uchun taqdim etilgan arizalarga ko’ra tanlab olinadi.
  • Darslar Urgench shahridagi Sambo markazida o’tkaziladi.