Oʻzbekistonning ayol va bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida AQSh elchixonasi xotin-qizlar uchun oʻz-oʻzini himoya qilish mashg’ulotlarini respublikaning boshqa viloyatlarida ham o’tkazilishini mamnuniyat bilan eʼlon qiladi.
Mashg’ulotlar endi Qashqadaryo viloyatida tashkil etilib, u yerdagi ayollar va qizlar uchun o’z-o‘zini himoya qilish usullarini o‘rganishda imkoniyat yaratiladi.
Uyda, ishda yoki ko’chada bo’lishingizdan qat’iy nazar, shaxsiy xavfsizlik Sizning ajralmas huquqingiz bo’lishi kerak. Afsuski, ayol va qizlarning har uchinchisi o’z hayotida, aksariyat hollarda ular tanigan insonlar tomonidan, jismoniy zo’ravonlikka uchramoqda.
Muammo shu qadar keng tarqalganki, ehtimol atrofingizdagi kimdir – oilangiz a’zosi, qo’shningiz, hamkasbingiz, do’stingiz yoki hattoki o’zingiz ham – shunga o’xshash zo’ravonliklarga duch kelgan bo’lishingiz mumkin. Afsuski, ko’chadagi bezorilik va ta’qiblar butun dunyo xotin-qizlari uchun achchiq kundalik haqiqatga aylangan.
AQShning O’zbekistondagi elchixonasi “Sports Visitor” – AQSH xalqaro almashinuv dasturlarining bitiruvchisi hamda professional taekvondo murabbiyi bilan hamkorlikda xotin-qizlar o’zlarini himoya qilishlari uchun zarur bo’lgan ko’nikmalar va o’z-o’ziga bo’lgan ishonchni rivojlantirishga qaratilgan o’z-o’zini himoya qilish bo’yicha o’quv dasturining birinchi bosqichini Qashqadaryo viloyatida boshlamoqda.
Mashg’ulotlar 2023-yil dekabr oyidan boshlab Qarshi shahridagi suv sporti majmuasida uch oy davomida o’tkaziladi. Mashg’ulotlarning aniq boshlanish sanasi haqidagi ma’lumot tanlab olingan barcha ishtirokchilarga qo’shimcha ravishda yetkaziladi. Yoshi turlicha bo’lgan xotin-qizlar uchun alohida ikkita guruh tuziladi. Har bir guruhdagi ishtirokchilar soni 30 kishidan oshmaydi.
- A guruhi: 13 yoshdan 17 yoshgacha bo’lgan qizlar – dushanba, chorshanba va juma kunlari soat 15:00 dan 16:00 gacha.
A guruhiga ariza topshirish uchun ushbu havolaga o’ting: https://forms.gle/nQgSqUUk2YZx6RPD9 - B guruhi: 18 yoshdan oshgan ayollar – dushanba, chorshanba va juma kunlari soat 16:00 dan 17:00 gacha.
B guruhiga ariza topshirish uchun ushbu havolaga o’ting: https://forms.gle/7xwmjU7CwwqXCYBq6
Ishtirokchilar o’zlarini jismoniy zo’ravonlikdan himoya qilish, yaxshi jismoniy holat va osoyishtalikni saqlash uchun bir qator texnika va mashqlarni o’rganadilar. Ishtirokchilar o’z-o’zini himoya qilish ko’nikmalaridan tashqari, nizolarni hal qilish, ochiq muloqot va stressni boshqarish usullarini o’rganadilar.
Mashg’ulotlar jismoniy tayyorgarlik darajasidan yoki oldingi mashg’ulot tajribasidan qat’iy nazar, 13 yoshdan oshgan qizlar va ayollar uchun mo’ljallangan.
Arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati: 2023-yil 25-noyabr, shanba.*
*Har bir guruhga faqatgina 150 ta ariza ro’yxatga olinadi. Arizalar belgilangan muddat yoki 150 ta ariza kelib tushgunga qadar qabul qilinadi va ko’rib chiqiladi. Ushbu ma’lumotni o’z hududingizdagi qizlar va ayollar orasida ham tarqating.
MUHIM QAYDLAR:
- Ushbu loyiha faqat qizlar va ayollar uchun mo’ljallangan.
- Mashg’ulotlar bepul.
- Ishtirokchilar qatnashish uchun taqdim etilgan arizalarga ko’ra tanlab olinadi.
- Darslar Qarshi shahridagi Suv sporti majmuasida o’tkaziladi.