AQShda o’qiyotgan o’zbekistonlik talabalar soni rekord darajaga yetdi

“Ochiq eshiklar” (Open Doors) hisoboti

AQShda o’qiyotgan o’zbekistonlik talabalar soni rekord darajaga yetdi

Bugun eʼlon qilingan Xalqaro taʼlim almashinuvi boʻyicha 2023-yilgi “Ochiq eshiklar” (Open Doors) hisobotiga koʻra, oʻtgan yili AQShda taʼlim olayotgan oʻzbekistonlik talabalar soni 1000 nafardan oshgan. Bu o’ziga xos yangi rekord bo’lib, ko’rsatkich oʻtgan oʻquv yiliga nisbatan 72,6 foizga o’sgan.

Hisobotda aytilishicha, 2021-22-o‘quv yilida 631 nafar o‘zbekistonlik talaba AQSh oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan bo’lsa, 2022-23 o‘quv yiliga kelib, u yerda o’qiyotgan o’zbekistonliklar soni 1089 nafarni tashkil etgan. Bularning aksariyati yoki 57,2 foizi bakalavriat bosqichiga qabul qilingan, 29,9 foizi magistratura bosqichida o’qigan, 7,9 foizi fakultativ amaliy mashg‘ulotlarda qatnashgan, 5 foizi esa ingliz tili yoki boshqa qisqa muddatli ta’lim dasturlariga o‘qishga kirgan.

Hisobotga ko’ra, o’tgan o’quv yilida Amerika Qo’shma Shtatlaridagi xalqaro talabalar soni 1 milliondan oshib, o’tgan yilga nisbatan 14 foizga o’sgan va yangi yuqori ko’rsatkich – 1,057,188 talabani tashkil etgan.

Xalqaro ta’lim instituti (IIE) va AQSh Davlat departamentining Ta’lim va madaniyat masalalari byurosi (ECA) tomonidan tuzilgan “Ochiq eshiklar 2023” dasturi AQSh xalqaro talabalar uchun eng yaxshi manzil bo‘lib qolayotganini ta’kidlaydi. Qo’shma Shtatlarning oliy ta’lim sohasidagi global yetakchiligini e’tirof etishda davom etayotgan bu talabalar Amerikaga dunyoning deyarli barcha davlatlaridan keladi.

2021-22-o‘quv yilida 188 753 nafar amerikalik talaba chet elda tahsil olgan bo’lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 13 baravar ko‘p va pandemiyadan oldingi darajaning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

2023-yilgi “Ochiq eshiklar” hisoboti haqida batafsil maʼlumotni mana bu yerda ko’rish mumkin: IIE Open Doors (opendoorsdata.org)