Oq Uy
Matbuot kotibi idorasi
15-may, 2018-yil
Zudlik bilan tarqatish uchun
Bu kecha yangi oy ko’rinar ekan, Amerika Qo’shma Shtatlari va butun dunyoda Ramazon oyi boshlanishini nishonlayotgan barcha musulmonlarga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimni yo’llayman.
Muqaddas Ramazon oyida musulmonlar birodarlik tuyg’ularini mustahkamlash va ezgu duolar orqali Qur’oni Karimning payg’ambar Muhammad alayhissalomga nozil etilganini bayram qiladi. Ko’pchilik ushbu barakotli onlarni ro’za tutish, sadaqa qilish, namoz va Qur’on o’qish bilan o’tkazadi.
Ramazon inson ma’naviy kamolotini yanada chuqurlashtiradigan hamda Alloh ato etgan ko’plab ne’matlar uchun shukr qilinadigan palladir. Ramazon oyini nishonlayotganlar shukronalik va tafakkurga cho’mish orqali jamiyatimizni mustahkamlashi, muhtojlarga yordam berishi va bu hayotda iymon bilan yashab o’tishda yaxshi namuna bo’lishi mumkin.
Ramazon bizga musulmonlar Amerikaga xos diniy hayotga yanada ziynat berib, uni
boyitib borayotganini eslatib turadi. Ameria Qo’shma Shtatlarida biz diniy erkinlikni qo’llab-quvvatlaydigan va diniy e‘tiqodga hurmat bilan yondashadigan Konstitutsiyaga amal qilib yashash baxtiga egamiz. Konstitutsiyamiz musulmonlar o’z vijdon amriga bo’ysungan holda, hukumat tomonidan hech bir to’siqsiz Ramazon oyini munosib o’tkazishini kafolatlaydi. Shu tariqa Konstitutsiya barcha amerikaliklar uchun inson qalbini teranroq anglashda turli imkoniyat yaratib beradi.
Ko’plab insonlar Ramazonni nishonlash uchun birlashar ekan, Melaniya va men ushbu oyni saodatli lahzalarga to’liq bo’ladi, deb umid qilamiz. Ramazon muborak bo’lsin!