Toshkent, O’zbekiston | 2023-yil 5-iyun
O’zbekistondagi AQSh elchixonasi Xiva shahrida joylashgan Toshhovli saroyida konservatsiya va restavratsiya ishlari yakuniga bag’ishlab marosim o’tkazdi.
1829-1839-yillarda Xiva xoni qurdirgan Toshhovli saroyi noqulay ob-havo va ilgari noto‘g‘ri olib borilgan restavratsiya ishlari tufayli juda ta’mirtalab bo’lib qolgan, bezakli koshinlari va g‘ishtlari parchalanib ketgandi. AQSh Davlat departamentining Madaniy merosni asrab-avaylash bo’yicha elchi jamg’armasi (AFCP) ko’magi bilan ushbu saroyning bezakli koshinlarini qayta tiklash va yetishmayotgan qismlarini yangi ishlab chiqarilgan xuddi shunday koshinlar bilan almashtirish uchun o’sha hududdagi yuqori malakali kulollar jalb qilindi.
Toshhovli saroyi xorazmlik mohir kulollar, yog‘och va marmar o‘ymakor ustalari hamda xattotlar mehnatining yorqin ifodasidir. Bu yerda hunarmandlar birgalikda O‘zbekistonning ko‘p asrlik madaniyati va an’analarini o‘z ichiga olgan haqiqiy san’at asarini yaratdilar. Ushbu tarixiy obidada aks ettirilgan badiiy elementlar aynan Xivaga xos bo’lib, ular boshqa joyda uchramaydi. Toshhovli 1990-yilda UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xivaning eski shahri tarkibida XIX asrda qurilgan eng muhtasham saroylardan biri hisoblanadi.
“Biz O‘zbekistonning maftunkor va betakror madaniy merosini asrab-avaylashga o‘z hissamizni qo‘shganimizdan xursandmiz”,- dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik. “Biz nafaqat O‘zbekistonning boy tarixini, balki turizmga bo’lgan qiziqish va bu orqali mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirish, mahalliy mutaxassislar tajribasini namoyish etish orqali uning kelajagini ham qo‘llab-quvvatlayapmiz”.
Madaniy merosni asrab-avaylash bo’yicha elchi jamg’armasi haqida:
AQSh Davlat departamentining madaniy merosni asrab-avaylash bo’yicha elchi jamg’armasi (AFCP) tarixiy obidalar, artefaktlar, qoʻlyozmalar, sanʼat, arxitektura, musiqa, raqs va til kabi anʼanaviy ifoda shakllarini saqlab qolish uchun grantlar ajratadi. AFCP Amerika diplomatiyasining bir bo’lagi bo’lib, u dunyo bo’ylab madaniy merosni asrab-avaylashda Amerika yetakchiligini namoyish etadi va Amerikaning boshqa madaniyatlarga bo’lgan hurmatini ko’rsatadi. Butun dunyo bo’ylab AFCP 130 dan ortiq mamlakatda kamida 1200 ta loyihani moliyalashtirish uchun 115 million dollardan ko’proq xayriya qildi. O‘zbekistonda esa madaniy merosni saqlashga oid 9 ta turli xil loyihani amalga oshirish uchun Qo‘shma Shtatlar 700 000 dollardan ortiq sarmoya kiritdi. 2023-yil oxirida AQSh elchixonasi Qashqadaryo viloyatidagi Langar otada restavratsiya ishlari boshlanishini intiqlik bilan kutmoqda.