2017-yil 13-oktyabr kuni E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimidan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona vodiysidagi o‘n beshta tumanlararo sudlarga 57 komplekt zamonaviy kompyuter topshirildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudida mazkur hodisaga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Xolmo‘min Yodgorov, AQShning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Farid Karaxanov ishtirok etishdi.
Yangi texnika O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida taqdim etildi.
Umumiy narxi 60 ming AQSH dollarini tashkil etgan texnika E-SUD innovatsion elektron axborot tizimiga ulanish imkonini yaratadi. Bu esa ishlarni ko‘rib chiqishda sarflanadigan vaqtni optimallashtirish va fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga turtki bo‘ladi.
E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi 2013 yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, avval boshlab faqatgina bittagina sudda ishlagan. Bugungi kunga kelib butun mamlakat bo‘yicha 950 ga yaqin mutaxassislar E-SUD tizimidan foqdalanishni o‘rgatishga bag‘ishlangan treninglarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishdi va hozirda E-SUD tizimiga respublikaning barcha 75 ta fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari ulangan. E-SUD tizimining joriy etilishi natijasida xizmat ko‘rsatish samaradorligi 50 foizga oshdi va hujjatlarni yo‘qotib qo‘yilishi holati umuman bartaraf etildi.
Tadbir doirasida mehmonlar sud kanselyariya xonasini ko‘zdan kechirib E-SUD tizimining barcha bosqichlardagi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Tadbir yakunida ishtirokchilarga loyiha doirasida tayyorlangan “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish tartibi”, “Mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar”, “Oila va nikoh munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolar bo‘yicha sud amaliyoti” va “Sudning hal qiluv qarorini tuzish bo‘yicha amaliy qo‘llanma” kabi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.