“Mercy Corps” maktabgacha ta’lim tashkilotlarining hamshiralari uchun trening tashkil etdi

TOSHKENT – AQSH Qishloq xo’jaligi vazirligining (USDA) “Bolalar ta’limi va ovqatlanishi uchun” McGovern-Dole xalqaro oziq-ovqat dasturi doirasida joriy yilning 10-18 mart, 1-6 may va 10-16 may kunlarida Maktabgacha ta’lim agentligi hamkorligida Mercy Corps (Mehribonlik Korpusi) tomonidan  Surxondaryo viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan 56 nafar  hamshira uchun trening o’tkazildi. Ushbu trening Toshkent shahridagi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari  direktor va mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti qoshidagi MTT hamshiralarini malaka oshirish markazida bo’lib o‘tdi. Ushbu markaz avvalroq Mehribonlik Korpusining O’zbekistondagi filiali tomonidan to‘liq jihozlangan bo‘lib, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining namunaviy tibbiyot xonasi andozasi asosida modellashtirilgan simulyatsiya markazidir. Bundan tashqari, birinchi yordam mashqlarini bajarish uchun zarur bo’lgan jihozlar hamda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar uchun o‘quv xonasini o‘z ichiga oladi.

Trening  maktabgacha yoshdagi  bolalar salomatligiga oid muhim mavzular, xususan, shaxsiy gigiyena qoidalarini targ‘ib qilish, yuqumli kasalliklar belgilarini aniqlash, bemor bolalarning og’rilik darajasini baholash,  profilaktik sog‘liqni saqlashning asosiy chora-tadbirlaridan biri bo‘lgan emlash, sog‘lom ovqatlanish ko‘nikmalarini  shakllantirish va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik belgilarini aniqlash kabilarni qamrab oldi. O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyatining birinchi yordam bo‘yicha  mutaxassislari ham ikki kun davomida birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlarni o‘tkazishdi. Bundan tashqari, trening davomida maktabgacha ta‘lim tashkilotlarining  hamshiralari tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan ma’lumot almashish bo‘yicha o‘z ko‘nikmalarini takomillashtirishdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan tashrif buyurgan barcha trening ishtirokchilariga Mehribonlik Korpusi tomonidan qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan hamshiralar uchun amaliy ma’lumotlardan iborat qo‘llanmalar taqdim etildi.

“Biz Mehribonlik Korpusi (Mercy Corps) xalqaro nodavlat tashkilotidan 10-martdan 18-martgacha MTTlarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot hamshiralari uchun ixtisoslashtirilgan trening seminarini tashkil qilgani uchun juda ham minnatdormiz. Ushbu trening davomida biz ko‘plab bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. Buning uchun ustozlarga ham katta rahmat. Biz o‘rgangan bilimlarimizdan foydalanib, yurtimizning “mitti yulduzchalari” bo‘lgan, bolajonlarning sog‘lom  rivojlanishlari uchun o‘z hissamizni qo‘shamiz degan umiddamiz” – deydi, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 9-sonli MTTning tibbiyot hamshirasi, Maxsumova Shahlo.

Mehribonlik Korpusi (Mercy Corps) ning O’zbekistondagi filiali Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi bilan hamkorlikda AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligining “Bolalar ta’limi va ovqatlanishi uchun” Mak-Govern-Doul xalqaro oziq-ovqat dasturini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amalga oshirmoqda. Dastur bir qancha maqsadlarga, jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasi va infratuzilmasini yaxshilash, bolalarning ilk yoshidan savodxonligi, sog‘lom turmush tarzi va gigiyena ko‘nikmalarini shakllantirish, MTTlarida faoliyat yuritayotgan pedagog, hamshira va oshpaz xodimlarni malakasini oshirish hamda pedagoglarni salohiyatini oshirish maqsadida mentorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

USDA (AQSH Qishloq xo’jaligi vazirligi) Mehribonlik Korpusi (Mercy Corps) bilan 2024-yil sentabrga qadar mo’ljallangan O‘zbekistonda “Bolalar ta’limi va ovqatlanishi uchun” Mak-Govern Doul xalqaro oziq-ovqat dasturi doirasida hamkorlik qilib kelmoqda. O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda ushbu dastur Qoraqalpog‘iston Respublikasi  va Surxondaryo viloyatida maktabgacha ta’lim tizimining 90000 dan ortiq  tarbiyalanuvchilarini qamrab oladi. Qo‘shimcha ma‘lumot uchunhttps://mercycorps.uz/