Samarqandda boʻlib oʻtgan C5+1 mintaqaviy aloqalar bo’yicha vazirlar yigʻilishiga oid qoʻshma bayonot

Dushanba, 30-oktabr, 2023-yil

24-oktabr kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer hamda O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston vazirlari O’zbekistonning Samarqand shahrida C5+1 mintaqaviy diplomatik platforma doirasida uchrashdilar.

USAID va O‘zbekiston Respublikasi hukumati hamkorligida o‘tkazilgan C5+1 mintaqaviy aloqalar bo’yicha vazirlari majlisida Administrator Pauer Amerika Qo‘shma Shtatlari savdoni optimallashtirish, ikki tomonlama savdo va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash, diversifikatsiya qilish, shuningdek, eksport-import bozorlari, yashil energiyani rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish hamda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o’sishni ta’minlash orqali Markaziy Osiyo bilan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini ta’kidladi. Ishtirokchilar inson huquqlari, jumladan, ayollar, bolalar va imkoniyati cheklanganlar huquqlarini himoya qilishga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.

Ishtirokchilar barqaror yashil energiyani qo‘llab-quvvatlash, transport sektorini rivojlantirish, bojxona va chegara boshqaruvini kuchaytirish kabi mintaqaviy iqtisodiy ahamiyatga ega masalalarda hamkorlik qilish niyatida ekanliklarini bildirdilar. Ishtirokchilar global muammolarga mintaqaviy yechimlarni taqdim etuvchi C5+1 hamkorligining muhimligini ta’kidladilar.

C5+1 vazirlar yig’ilishida ishtirokchilar quyidagilarni kelishib oldilar:

  • Markaziy Osiyoning farovon kelajagini ta’minlash uchun birgalikda ishlashga intiladilar va xalqaro maydonda yuz berayotgan so’nggi o’zgarishlarning, ayniqsa inflyatsiya, teskari migratsiya, qarzlarni boshqarish va bandlik ko’rsatkichlari sohalaridagi salbiy oqibatlarni qanday qilib yumshatishni muhokama qildilar;
  • Markaziy Osiyoda inklyuziv iqtisodiy o’sish va iqtisodiy barqarorlikni rag’batlantirish mintaqaning uzoq muddatli farovonligi va barqarorligi uchun muhim ekanligini tan oldilar;
  • Iqlim inqirozini hal qilish bo’yicha jamoaviy va mamlakat majburiyatlarini, shu jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni ko’paytirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qazib olinadigan energiya va boshqa tarmoqlarda metanni tezda kamaytirish hamda davlatlarning milliy sharoitlari va mavjud resurslarini hisobga olgan holda «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish niyatida ekanliklarini bildirishdi;
  • USAIDning C5 hukumatlarining energiya xavfsizligi, toza energiyani rivojlantirish va energiya tizimlarining mintaqaviy integratsiyasi bo’yicha milliy va mintaqaviy ustuvorliklarini qo’llab-quvvatlashda davom etayotgan “Power Central Asia” tashabbusini e’tirof etdilar;
  • Muzliklarni asrash, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni yaxshilash, suv resurslarini mintaqaviy va transchegaraviy boshqarishni takomillashtirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilovchi umumiy suv va qishloq xo’jaligi maqsadlarini ilgari surishga qaratilgan mavjud faoliyat va dasturlardan, jumladan, “USAIDning mintaqaviy suv va zaif atrof-muhit” tashabbusini ilgari surishda yordam berish bo’yicha hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar;
  • Me’yoriy-huquqiy va huquqiy takomillashtirish orqali investitsiya va biznes uchun qulay muhitni yaxshilash muhimligini tan oldilar;
  • Iqtisodiy o‘sish va ish o‘rinlarini yaratishni rag‘batlantirish uchun mintaqaning raqamli, texnologik va innovatsion iqtisodiyotlarini rivojlantirish muhimligini muhokama qildilar;
  • Mintaqaviy savdo, transport va tranzit aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, tegishli qo’shma loyiha va dasturlarni ishlab chiqish va mavjudlarini rag’batlantirish orqali Markaziy Osiyoda transport hamkorligi, o’zaro bog’liqlik va transport barqarorligini oshirish muhimligini tan oldilar;
  • AQSh bilan savdo va sarmoyaviy aloqalarni chuqurlashtirish zarurligini, shuningdek, USAIDning “Markaziy Osiyodagi savdo faoliyati” va AQSh hukumatining qo‘shimcha dasturlari ko‘magida tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va yangi eksport bozorlarini rivojlantirish siyosatini birgalikda amalga oshirish muhimligini qayd etdilar;
  • Transkaspiy savdo yo‘li va qo‘shimcha multimodal transport yo‘laklarining muhimligini ta’kidlab, xalqaro tranzit va yuk tashish hajmini oshirishga hamda bunday savdo yo‘llari va tranzit yo‘laklariga investitsiyalarni ko‘paytirishga yordam beradigan chora-tadbirlarni ko‘rib chiqidlar;
  • Mintaqa miqyosida ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo’yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirish, ishchi kuchini rivojlantirish hamda ayollar, yoshlar va imkoniyati cheklanganlar bandligini qo‘llab-quvvatlash muhimligini e’tirof etdilar;
  • Imkoniyati cheklanganlar muammolarini hal qilish, “raqamli tafovut”ni kamaytirish va inklyuziv dizaynni rag’batlantirish bo’yicha mintaqaviy sa’y-harakatlar imkoniyati cheklanganlarning ta’lim, bandlik, sog’liqni saqlash va ijtimoiy imkoniyatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish orqali ularning hayotini sezilarli darajada yaxshilash salohiyatiga ega ekanligini tan oldilar;
  • Barqaror iqtisodiy o’sishni ta’minlashini inobatga olgan holda, maqsadga muvofiq bo’lsa, jamoaga asoslangan yechimlarni ishlab chiqishda mahalliy tashkilotlarning muhimligini ta’kidladilar; va,
  • Tinch va farovon Markaziy Osiyo BMT Nizomi va uning tamoyillariga rioya qilish orqali barcha mamlakatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo’lgan barqaror sadoqatni talab qilishini ta’kidladilar.