23-aprel kuni AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O’zbekistondagi vakolatxonasi direktori Gari Robbins Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali rektori, doktor Abduaziz Abduvosiqov bilan USAIDning “Qishloq xo’jaligida qiymat zanjirini rivojlantirish” (AVC) loyihasi ko’magida tashkil etilgan intensiv bog` va tomchilatib sug’orish tizimi o`rnatilgan maxsus ko’rgazma yer maydoni ochilish marosimida ishtirok etdi. Universitet o’qituvchi va talabalari ushbu maydondan meva yetishtirish va oqilona sug’orish amaliyotlari bo’yicha tadqiqot o’tkazish uchun foydalanadilar.
Bugungi tadbir USAIDning AVC loyihasi faoliyati va TDAUning Andijon filiali o`rtasidagi ikki yillik hamkorlikning ulkan natijasidir. Hamkorlik doirasida universitet bog` uchun 6,5 gektar, uzumzor uchun 1 gektar maydon ajratib berdi. USAID tuproq va suv tahlili, maxsus uchastkalar uchun eng yaxshi ekinlarni aniqlash, bog’ni rejalashtirish va ilg’or tomchilatib sug`orish tizimini o`rnatish uchun texnik yordam ko’rsatdi. Shuningdek, hamkorlik davomida USAID talabalarni olma, olxo`ri va uzum yetishtirishning zamonaviy ishlab chiqarish tartib-tamoyillari, zararkunanda va kasalliklar nazorati hamda tomchilatib sug’orish tizimini boshqarish va ishchi holatda saqlab turish texnologiyalari bilan tanishtirdi.
“Talaba va professor o`qituvchilarga mustaqil tadqiqotlar o`tkazish imkoniyatini berarkan, ushbu uchastka mevachilikda yangi g’oya va innovatsiyalar yuzaga kelishiga ham turtki bo`ladi,”- dedi janob Robbins. “Unumdor tuproq, mo’tadil iqlim va xaridorgir meva, sabzavot va yong’oqlari bilan O’zbekiston yuqori sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda Markaziy Osiyodagi yetakchi mamlakat bo’lishday katta potensialga ega.”
USAIDning AVC loyihasi O’zbekistonda qishloq xo’jaligi yo`nalishida ish o`rinlari yaratish, meva-sabzavot mahsulotlari sifati va eksportini oshirish, ta’lim muassasalari va xususiy sektor o`rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash yo`lida faoliyat olib borayotgan besh yillik dasturdir.