4-avgust, 2021-yil – Amerika Qo’shma Shtatlarining O’zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum 2006-yildan buyon AQShga ketayotgan birinchi FLEX (Bo’lajak liderlar almashinuvi) dasturi ishtirokchilariga oq yo’l tiladi. Maktab o’quvchilari bo’lgan bu ishtirokchilar 2021-2022-o’quv yili davomida Amerika maktablarida o’qishadi hamda Amerikadagi mezbon oilalar bilan birga yashashadi.
Bo’lajak liderlar almashinuvi (FLEX) dasturi 1993-1994-yillarda sobiq senator Bill Bredli tomonidan AQSh va Yevrosiyo mamlakatlari o’rtasida uzoq muddatli tinchlik va o’zaro tushunishni ta’minlash maqsadida tuzilgan va yo’lga qo’yilgan. Dastur xorijlik yoshlarga AQSh va amerikaliklar bilan bevosita tanishish imkonini beradi, shu bilan birga u Yevrosiyo madaniyati va mamlakatlarini amerikaliklarga tanishtiradi. Bugunga qadar 22 mamlakatdan kelgan 29000 dan ortiq o’quvchi FLEX dasturi bitiruvchisi ekanligidan faxrlanadi.
1993-yildan beri Xalqaro ta’lim bo’yicha Amerika Kengashlari FLEX dasturiga O’zbekistondan 947 nafar ishtirokchini yubordi. Qo’shma Shtatlarda FLEX ishtirokchilari yetakchilik ko’nikmalariga ega bo’ladilar, Amerika jamiyati va qadriyatlari bilan tanishadilar, amerikaliklarga o’z mamlakatlari va madaniyatlarini o’rgatadilar. FLEX talabalari AQSh jamiyatida jamoat ishlarida ishtirok etadilar va o’z mamlakatlari vakili vazifasini bajaradilar. Ularning ko’pchiligi dastur davomida orttirgan mahorat va g’oyalardan foydalangan holda o’z mamlakatlarida innovatsion loyihalarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar. FLEX dasturi ishtirokchilari dunyoning tabiatan qiziquvchan va g’ayratli fuqarolaridir.
FLEX – katta tanlov va o’quvchilarning o’qishdagi muvaffaqiyatiga asoslanib AQSh Davlat departamenti moliyalashtiradigan dastur bo’lib, u Armaniston, Ozarbayjon, Chexiya, Estoniya, Gruziya, Gretsiya, Vengriya, Qozog’iston, Qirg’iziston, Latviya, Litva, Moldova, Mo’g’uliston, Chernogoriya, Polsha, Ruminiya, Serbiya, Slovakiya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina va O’zbekistonda faoliyat olib boradi. Har yili 35000 dan ortiq o’quvchi FLEX stipendiyasini olish uchun bir nechta test sinovlarida qatnashadi, bu ularga bir o’quv yilida Qo’shma Shtatlardagi mezbon oilada yashash hamda AQSh maktablarida o’qish imkonini beradi. FLEX haqida batafsil ma’lumot olish uchun quyidagi sahifaga tashrif buyuring: https://www.discoverflex.org/
2022-2023-o’quv yili uchun navbatdagi FLEX dasturiga ariza topshirish 2021-yil 1-sentabrdan boshlanadi. Savollaringizni flex.uz@americancouncils.org elektron pochta manziliga yuboring yoki Telegramdagi @ACCELS orqali ushbu dastur e’lonlarini kuzatib boring.
XALQARO TA’LIM BO’YICHA AMERIKA KENGASHLARI – xalqaro ta’lim, akademik almashinuv va chet tillarni o’rganish bo’yicha yetakchi tashkilot bo’lib, u akademik, professional va madaniy almashinuv, til ko’nikmalari, ta’limni rivojlantirish va tadqiqotlar o’tkazish orqali xalqaro aloqalar hamda o’zaro tushunishni mustahkamlash yo’lida faoliyat olib boradi.
Amerika Kengashlari 2018-yili Toshkentdagi vakolatxonasini qayta ochdi hamda hozirda O’zbekistondagi Bo’lajak liderlar almashinuvi (FLEX), America burchaklari, Ingliz tilida so’zlashadigan millat (ESN), O’zbekiston biznes liderlari (UBL) va Markaziy Osiyo universiteti hamkorlik dasturi (UNiCEN) kabi dasturlarni o’z ichiga oluvchi 13 ta turli xil dasturni boshqaradi. Amerika Kengashlari haqida qo’shimcha ma’lumot olish uchun Telegram orqali @ACCELS ni kuzatib boring yoki info.uz@americancouncils.org elektron pochtasiga xat yozing.