TOSHKENT, O’ZBEKISTON (13-noyabr, 2020)
2021-yil boshida AQShning O’zbekistondagi Elchixonasi Xalqaro Ta’lim bo’yicha Amerika Kengashlari (American Councils) bilan hamkorlikda O’zbekiston Respublikasining butun hududini qamrab oladigan “Amerikaga Darcha” tashabbusiga start beradi. Ushbu tashabbus Darchalar joylashgan jamoalarga zamonaviy resurslar kutubxonalarini va dinamik konferens-zallarni, shuningdek, elektron va qog’ozli kitoblarni, ingliz tilidagi turli xil ta’lim va madaniy manbalarni, Internetga ulangan kompyuter laboratoriyalarni, amerikalik mutaxassislar ishtirokidagi bir qator mehmon ma’ruzachilari dasturlarini va qo’shimcha qiziqish asosidagi faoliyat turlarini, masalan, ingliz tilida filmlar namoyishi va suhbat klublar faoliyatini taqdim etadi. Bundan tashqari, har bir “Amerikaga Darcha” AQShda bakalavriat va magistratura dasturlarida o’qishni istaganlarga maslahat xizmatlarini ko’rsatadigan Education USA bepul maslahat markazi sifatida xizmat qiladi.
Birinchi “Amerikaga Darcha” qurilishi Qashqadaryoning Qarshi shahridagi “Barkamol Avlod” markazida 2020-yil 30-sentyabrda boshlangan. “Barkamol Avlod” markazlari – bu O’zbekistonning barcha 13 viloyatida joylashgan va Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi yoshlarning darsdan tashqari faoliyatliri uchun mo’jallangan markazlardir.
Qarshidagi American Councils tomonidan boshqariladigan 230 kvadrat metr maydonda joylashadigan “Amerikaga Darcha” markazi Markaziy Osiyoda eng kattasi bo’ladi. Markaz tarkibiga kompyuter laboratoriyasi, kutubxona, konferentsiya zali va “EducationUSA” sinflari kiradi. Markazning butun maydoni zamonaviy shisha devorlarga va Amerika uslubidagi dizaynga ega bo’ladi. Qarshidagi “Amerikaga Darcha”ning ochilishi 2021-yil boshiga rejalashtirilgan.
“American Councils” 2018-yilda o’zining Toshkentdagi vakolatxonasini qayta ochdi va hozirda Kelajak liderlar almashinuvi dasturi (FLEX), Ingliz tilida so’zlashuvchi millat: O’rta maktab o’qituvchilarining malakasini oshirish (ESN: STT) tashabbusi, O’zbekiston biznes rahbarlari almashinuvi dasturiva Markaziy Osiyo universitetlari bilan hamkorlik (UNiCEN) kabi 13 xil dasturlar portfelini boshqaradi.
Xalqaro Ta’lim bo’yicha Amerika Kengashlari- xalqaro ta’lim, akademik almashinuv va chet elda til muhitini targ’ib qilish bo’yicha yetakchi bo’lib, akademik, kasbiy va madaniy almashinuv, tillarni o’rgatish, ta’limni rivojlantirish va tadqiqotlarning mukammalligi orqali xalqaro aloqalarni va o’zaro tushunishni mustahkamlash uchun xizmat qiladi.
Sizni qiziqtirgan savollar bo’yichaTashkentACT@gmail.com elektron pochta manzili orqali AQShning Toshkentdagi elchixonasining Jamoatchilik bilan aloqalar bo’limiga murojaat qiling yoki info.uz@americancouncils.org elektron manzili orqali Xalqaro Ta’lim bo’yicha Amerika Kengashlariga murojaat qiling.