Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda AQSh elchixonasi ingliz tili o‘qitish bo‘yicha 40 nafar ekspertni O’zbekistonga olib keldi

O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda AQSh elchixonasi ingliz tili o‘qitish bo‘yicha 40 nafar ekspertni O’zbekistonga olib keldi

Toshkentdagi AQSh elchixonasining xalq diplomatiyasi bo‘yicha xodimi Harris Lipskom va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining O‘qituvchilar malakasini oshirish boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Kuchkarova “English-Speaking Nation: English Summer Excellence Training (ESN: ESET)” dasturi doirasida 40 nafar amerikalik ingliz tili o‘qituvchisini O‘zbekistonga olib keldi. Ushbu 40 nafar ingliz tili eksperti hozirda O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarining 520 nafar ingliz tili o‘qituvchisi uchun 120 soatlik o‘quv dasturi o‘tkazmoqda. Ushbu 16 kunlik trening o‘zbekistonlik ingliz tili o‘qituvchilariga ingliz tilida so’zlashish, yozish, tinglash va o‘qitish ko‘nikmalarini oshirishga yordam beradi.

Amerikalik 40 nafar ingliz tili oʻqituvchisi 2023-yil 19-iyundan 8-iyulga qadar Nukus, Navoiy, Zarafshon, Shahrisabz, Denov, Jizzax, Guliston, Angren, Qoʻqon va Fargʻona shaharlaridagi 52 nafar oʻrta maktab oʻqituvchisiga ingliz tili bo’yicha har tomonlama ko’maklashib, amaliy mashg’ulotlar o’tkazadi. Bu treninglar kundalik faoliyatda ingliz tilidan foydalanish, shuningdek, sinfda dars berish va o’quvchilar bilan muloqot qilishda o’zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. Amerikalik mutaxassislar 30 nafar mahalliy oʻqituvchi bilan birgalikda o’quvchilarga dars beradi. Umumiy ingliz tili va sinfda ingliz tili bo’yicha amaliyotdan tashqari, ESN: ESET dasturi oʻqituvchilarga ingliz tilida taʼlim berish va faqat ingliz tilida olib boriladigan ixchamlashtirilgan mikro-oʻqitish sessiyalarida yakuniy taqdimotlarni oʻtkazishda yaqindan yordam beradi. Bundan tashqari, dastur mahalliy o’qituvchilarning o’quv jarayonini yanada kuchaytirib, ularni kelajakda o’z sinflarida foydalanishi mumkin bo’lgan zarur vositalar bilan ta’minlaydi.

The English-speaking Nation: Summer Excellence Training (ESN: ESET)” dasturi O‘zbekistondagi ingliz tili o‘qituvchilarining sinfda ingliz tili kompetensiyasi va ingliz tilini o‘qitishni kuchaytirishga qaratilgan umummilliy tashabbusi sanalgan “English-Speaking Nation: Secondary Teacher Training Program (ESN: STT)” dasturining tarkibiy qismidir. Dastur uch yil davomida O‘zbekistondagi 15 000 nafar ingliz tili o‘qituvchisini qamrab olishni ko‘zda tutadi. “English-Speaking Nation” Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rtasida yo’lga qo’yilgan ta’lim sohasidagi islohotlar bo‘yicha hamkorlik dasturidir. Xalqaro ta’lim bo’yicha Amerika kengashlari nodavlat notijorat tashkiloti esa “English-Speaking Nation” dasturini amalga oshiruvchi hamkor bo’lib xizmat qiladi.

ESN:STT dasturi haqida qo’shimcha ma’lumot olish uchun mana bu saytga tashrif buyuring: https://www.esn-teachers.org/. Savollarni esn@americancouncils.org elektron pochta manziliga yo’llashingiz yoki dastur bilan Telegramdagi @ESNProgram kanali orqali bog’lanishingiz mumkin.

Xalqaro ta’lim bo’yicha Amerika kengashlari xalqaro ta’lim, akademik almashinuv va chet elda til o’rganish bo’yicha yetakchi tashkilot bo’lib, ta’limni rivojlantirish va tadqiqotlarda mukammallik orqali xalqaro aloqalar va o’zaro tushunishni mustahkamlash yo’lida ish olib boradi. Amerika kengashlari 2018-yilda Toshkentdagi ofisini qayta ochdi va hozirda mamlakatda FLEX, American Windows, Uzbekistan Business Leaders (UBL) va Markaziy Osiyo Universitetlari Hamkorlik Dasturi (UNiCEN) kabi 13 ta dasturni boshqaradi. Amerika kengashlari haqida qoʻshimcha maʼlumot olish uchun Telegramdagi @ACCELS sahifasiga kiring yoki info.uz@americancouncils.org manzili orqali ofis bilan bog’laning.