AQShning Toshkentdagi elchixonasi shu haftada mahalliy o’qituvchilar bilan birgalikda o’quvchi va talabalarga bevosita dars berish maqsadida Oʻzbekiston boʻylab 10 oylik oʻqitish, malaka oshirish dasturlarini boshlash uchun 25 nafar amerikalik ingliz tili oʻqituvchisini mamlakatga olib keldi.
Ushbu guruh tarkibiga maktablarning 10-sinfidan to universitet darajasigacha bo’lgan bosqichda mahalliy ingliz tili oʻqituvchilari bilan birgalikda dars beruvchi amerikalik 17 nafar ingliz tili oʻqituvchisi hamda universitet darajasida ingliz tili o’qitish salohiyatini oshiradigan, boshqa tillarda so’zlashuvchilar uchun ingliz tili o’qitishga (TESOL) ixtisoslashgan 8 nafar tajribali ustoz (EL Fellows) kiradi.
Amerikalik o‘qituvchilarning 15 nafari AQSh Davlat departamentining Fulbrayt ingliz tili o‘qitish bo‘yicha yordamchisi (ETA) dasturining bir qismidir, 2 nafari esa O‘zbekistonda ingliz tili o‘qitishni davom ettirish maqsadida Toshkentdagi AQSh elchixonasining “Ingliz tili o‘rgatuvchi” dasturida avval ham qatnashgan ETA bitiruvchilaridir. Bu ustozlar TESOL yoki tegishli sohada magistr darajasiga va o’rtacha 10 yillik o’qituvchilik tajribasiga ega.
“Siz ishtirok etayotgan dasturning taʼsiri nihoyatda kattadir”,- dedi AQShning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik dushanba kuni oʻqituvchilar uchun oʻtkazilgan tadbirning ochilish marosimida. “Ingliz tilini o’rgatish bu birgina til o’rgatish degani emas; bu o’quvchilarning nafaqat til haqidagi, balki butun dunyo haqidagi fikrlarini shakllantirishga yordam beruvchi imkoniyat hamdir.»
25 nafar amerikalik oʻqituvchi Amerika Qoʻshma Shtatlarining turli burchaklaridan – Kaliforniyadan Floridagacha bo’lgan hududdan kelgan bo’lib, ular O’zbekistonning 11 ta viloyatida ingliz tili oʻqitish va oʻrganishni qoʻllab-quvvatlaydi. Ular, shuningdek, AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitish (TEFL) bo‘yicha zamonaviy ilg‘or tajribalarni namoyish etish orqali Qo‘shma Shtatlarning madaniyat elchilari sifatida ham xizmat qiladi.
Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va texnologiyalar vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi 2019-yilda AQSh elchixonasi va ushbu vazirliklar birgalikda boshlagan ingliz tilini oʻrgatish boʻyicha tashabbuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatladi.
Bu dasturlar AQSh hukumatining O‘zbekistonda ingliz tili o‘qitish va o‘rganishni kuchaytirishga qaratilgan ulkan majburiyatlarining faqat bir qismi hisoblanadi. Prezident Mirziyoyevning ingliz tilini oʻrganish va uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish borasidagi islohotlariga muvofiq, 2018-yildan beri AQSh hukumati Oʻzbekistonda ingliz tili oʻqitish va oʻrganishga 28 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi. Ushbu yordam butun mamlakat bo‘ylab 10 000 dan ortiq maktab uchun yuqori sifatli ingliz tili darsliklarini xarid qilish hamda umumta’lim maktablaridagi 15 000 nafar ingliz tili o‘qituvchisi malakasini oshirishni o‘z ichiga oladi.