TOSHKENT, Oʻzbekiston, 2023-yil 18-oktabr — Bugun “EducationUSA” – AQSh hukumatining Amerika Qo’shma Shtatlarida oliy taʼlim olish imkoniyatlariga qiziqqan talabalar uchun rasmiy resursi – Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Toshkentdagi “InterContinental” mehmonxonasida Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqaviy forumini ochdi. Markaziy Osiyoda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu forum davomida AQShning 50 dan ortiq universiteti vakillari o‘zbekistonlik talabalar va mintaqaning turli mamlakatlaridan kelgan oliy ta’lim bo‘yicha maslahatchilar bilan uchrashadi. Forum 20-oktabrgacha davom etadi.
Bangladesh, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Nepal, Pokiston, Shri-Lanka, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan kelgan maslahatchilar AQSh oliy taʼlim muassasalari rasmiylari bilan birgalikda talabalarni o’qishga jalb etish strategiyalari, qabulga oid mavzular, oʻtiladigan fanlar, inklyuziv oliy taʼlim va boshqalarni muhokama qiladilar.
“O‘zbekistonning islohotlar dasturi mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish va uni dunyo bilan yanada yaqinlashtirish imkoniyatlarini taqdim etadi”,- dedi elchi Jonatan Henik. “Qo’shma Shtatlar ingliz tilini o’rganish, o’qituvchilar malakasini oshirish hamda yuqori sifatli darsliklar uchun mablag’ni ko’paytirish orqali bunday sa’y-harakatlarni qo’llab-quvvatlaydi. Shuningdek, biz butun mamlakat boʻylab universitet va maktablarni koʻproq amerikalik ingliz tili oʻqituvchilari bilan ta’minladik”.
Forum doirasida 19-oktabr, payshanba kuni soat 16:00 dan 19:00 gacha AQShda oliy ta’lim mavzusida yarmarka ham bo‘lib o‘tadi. Unda mahalliy talabalar AQSh universitetlari vakillari bilan uchrashib, ta’lim olish imkoniyatlarini muhokama qilishlari mumkin. Talabalar va ularning oila a’zolari AQSh kollejiga ariza topshirish jarayoni bilan tanishishlari va o‘zbekistonlik talabalar uchun mavjud resurslarni bilib olishlari mumkin. Forum yakunida AQShning 10 ta universiteti vakillari Namangan va Qarshidagi Amerika burchaklaridagi “EducationUSA” maslahat markazlariga tashrif buyurib, AQSh oliy ta’lim imkoniyatlariga qiziquvchi talabalar bilan ham uchrashadilar.
“EducationUSA” — AQSh Davlat departamentining 175 dan ortiq mamlakat va hududda, jumladan, Oʻzbekistonda joylashgan 430 dan ortiq xalqaro talabalar maslahat markazridan iborat tarmogʻi boʻlib, boʻlajak xalqaro talabalarga bepul maslahat xizmatlarini koʻrsatadi. “EducationUSA” oʻquvchilarga AQShda oʻqishning besh bosqichida – o’quv maskanlarini topish, moliyalashtirish, ariza toʻldirish, talaba vizasini olish va ketishga tayyorgarlik koʻrishda yordam beradi hamda har bir bosqich uchun resurslar va vositalarni taklif etadi. Qo’shma Shtatlarda 4000 ga yaqin akkreditatsiyadan o’tgan oliy ta’lim muassasasi mavjud bo’lib, “EducationUSA” maslahatchilari talabalarga o’qish sohasi va joyiga oid ustuvorliklarni aniqlash va tegishli o’quv dargohidagi faoliyatni rejalashtirishda ko’maklashadi. U talabalarga stipendiyalarni taklif qilmaydi, ammo ilmiy daraja olishning moliyaviy manbalarini izlayotganlarga stipendiya imkoniyatlarini topishda yordam berishi mumkin. “EducationUSA haqida qoʻshimcha maʼlumot olish yoki maslahatchi bilan yakkama-yakka uchrashish uchun quyidagi manzilga murojaat qiling: https://uz.usembassy.gov/education-culture/study-usa/educational-advising/.