Oʻzbekistonda barkamollik uchun taʼlim dasturi oʻz nihoyasiga yetdi

2023-yil 20-iyul, Toshkent, Oʻzbekiston – Bugun AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tantanali tadbirda Oʻzbekistonda barkamollik uchun taʼlim dasturining muvaffaqiyatli yakunlanganini eʼlon qildi. Soʻnggi uch yil davomida AQSH hukumati USAID orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taʼlim sohasidagi islohotlarini qoʻllab-quvvatlab keldi. USAID Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda oʻquvchilar uchun eng yaxshi taʼlim natijalarini taʼminlaydigan va Oʻzbekistonning uzoq muddatli istiqboldagi muvaffaqiyatiga hissa qoʻshadigan innovatsion, standartlarga asoslangan pedagogika amaliyotini joriy etdi.

2019-yil dekabr oyida oʻz faoliyatini boshlagan va USAID 29.5 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritgan Oʻzbekistonda barkamollik uchun taʼlim dasturi taʼlim tizimini har jihatdan mustahkamlaydigan hamda oʻquvchilarni farovonlik, muvaffaqiyat va oʻz salohiyatini toʻliq ochishga tayyorlaydigan zamonaviy oʻquv-metodik majmualardan foydalanish imkoniyatini berdi. Dastur doirasida ishlab chiqilgan yangi oʻquv materiallari yodlashga asoslangan anʼanaviy taʼlimdan milliy miqyosda amaliy, keng qamrovli va tizimli oʻqitish usullariga oʻtishni qoʻllab-quvvatladi. USAID, shuningdek, oʻqituvchilarga oʻquvchiga yoʻnaltirilgan pedagogikani oʻrgatdi, bu ularga tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish va XXI asrning boshqa koʻnikmalarini oʻrgatish imkonini berdi. Bu esa oʻz navbatida oʻquvchilarga uzoq muddatli muvaffaqiyat va farovonlikka erishishga yordam beradi.

USAID missiyasi direktori Mikaela Meredit dasturning ona tili va oʻqish savodxonligi, matematika, informatika va axborot texnologiyalari hamda xorijiy til – ingliz tili fanlaridan darsliklar va oʻqituvchilar uchun qoʻllanmalar ishlab chiqish kabi natijalariga alohida urgʻu berib oʻtdi. Dastur, shuningdek, oʻqituvchilarning malakasini oshirishni qoʻllab-quvvatladi va oʻqituvchilarning yangi bilim va oʻquv materiallaridan erkin foydalanishlari uchun raqamli platformani ham ishga tushirdi.

Vazirlik USAIDning ijrochi hamkorlari konsorsiumi aʼzolari – RTI International yetakchiligidagi Florida davlat universiteti va Missisipi davlat universitetlariga minnatdorlik bildirdi. Ularning salohiyatni oshirish, gender tengligi, ijtimoiy inklyuziya, shaffoflik, mahalliy darajadagi maʼsuliyat va barqarorlikka boʻlgan umumiy sadoqati ushbu dastur muvaffaqiyatlini taʼminladi.

USAIDning Oʻzbekistonda barkamollik uchun taʼlim dasturi oʻz nihoyasiga yetar ekan, dasturga kiritilgan sarmoya va milliy taʼlim tizimidagi takomillashtirishlar tufayli taʼlim sohasini rivojlantirishning yangi bobi boshlanyapti.

Amerika Qoʻshma Shtatlarining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) AQSH hukumatining mustaqil agentligi boʻlib, u birinchi navbatda xorijiy davlatlarga fuqarolik yordami va rivojlanish yoʻlida yordam berishni boshqarishga maʼsuldir. Byudjeti 27 milliard AQSH dollaridan ortiq boʻlgan USAID dunyodagi eng yirik rasmiy koʻmak agentliklaridan biri boʻlib, AQSh tashqi yordamining yarmidan koʻpini tashkil etadi, bu mutlaq dollar koʻrsatkichi boʻyicha dunyodagi eng yuqori raqamdir.