Namanganda Amerika burchagi ochildi

Namangan, Oʻzbekiston, 2023-yil 16-may – AQShning Toshkentdagi elchixonasi Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika kengashlari bilan hamkorlikda Namangan shahrida aholini Qoʻshma Shtatlar va u yerda taʼlim olish imkoniyatlari haqida maʼlumot beruvchi yangi Amerika burchagini rasman ochdi.  Ushbu Amerika burchagida internetga ulanish, ingliz tilida olib boriladigan klublar va shu kabi boshqa imkoniyatlar mavjud.

“Istiqbol zamon bolalari” maktabining birinchi qavatidagi 126 kvadrat metr maydonda joylashgan ushbu markaz elchixonaning Toshkentdan tashqarida ochilgan ikkinchi Amerika burchagi bo‘lib, bunday markazning birinchisi Qarshi shahrida 2021-yil mart oyida ochilgan.

Namangandagi Amerika burchagi turli resurslarga boy zamonaviy kutubxonadan bepul foydalanish imkonini beradi. Unda turli tadbirlar o’tkazishga mo’ljallangan maydoncha, elektron va an’anaviy kitoblar, ingliz tilidagi bir qator ta’lim va madaniy manbalar, internetga ulangan kompyuterlar mavjud. Bu yerda, shuningdek, Amerika Qo’shma Shtatlarida o’qishni istovchi bakalavr va magistratura talabalariga bepul maslahat xizmatlarini ko’rsatuvchi EducationUSA maslahat markazi joylashgan. Burchakda amerikalik mutaxassislar ishtirokida ma’ruzalar tashkil etiladi, ingliz tilidagi filmlar namoyish etildai va suhbat klublari o’tkaziladi.

“Biz Namangandagi Amerika burchagi dunyoning 139 mamlakatidagi 600 dan ortiq shunday maskan qatoriga qoʻshilganidan xursandmiz. Bu yerga tashrif buyuruvchilar AQSh bilan bog’lanib, u haqida kengroq ma’lumot olishlari mumkin. Umid qilamizki, ushbu burchakning ochilishi nafaqat hukumatlarimiz, balki Amerika va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda ham muhim bosqich bo‘ladi”,- dedi AQSh elchisi Jonatan Henik o‘zining kirish so‘zida.

Namangandagi Amerika burchagi (ACN) dushanbadan payshanbagacha, shuningdek, shanba kunlari soat 10:00 dan 19:00 gacha ochiqdir.  Manzil: “Istiqbol zamon bolalari” maktabi, Tinchlik ko‘chasi, 7-uy, 3-mikrorayon (Do‘stlik tennis korti yaqinida). Qo’shimcha ma’lumot: https://uz.usembassy.gov/education-culture/american-spaces/act/

Amerika Kengashlari 2018-yili Toshkentdagi vakolatxonasini qayta ochdi va hozirda Future Leaders Exchange (FLEX), English Speaking Nation: Secondary Teacher Training (ESN:STT) tashabbusi, Uzbekistan Business Leaders (UBL) almashuvi, Markaziy Osiyo universitetlari hamkorlik dasturi (UNiCEN) kabi keng koʻlamli dasturlarni boshqaradi.

O’zingizni qiziqtirgan savollarni Toshkentdagi AQSh elchixonasining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimiga Tashkent-ACT@state.gov yoki Xalqaro taʼlim boʻyicha Amerika Kengashlari info.uz@americancouncils.org manziliga yuborishingiz mumkin.