Qarshi, 2017-yil, 24-mart
AQShning O’zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen bugun Qarshi shahrida joylashgan Qashqadaryo viloyat sil kasalliklari dispanseriga tashrif buyurdi. Elchi xonimning tashrifi har yili dunyo bo’ylab sil kasalligining jamoat sog’lig’iga ta’siri, uning oldini olish va sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish hamda sil kasalligi bilan bog’liq bo’lgan stigma va kamsitish kabi holatlarni kamaytirishga bag’ishlab 24-mart kuni o’tkaziladigan Butunjahon sil kasalligiga qarshi kurash kunini nishonlash maqsadida tashkil etildi.
Yordam dasturlari orqali, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining (JST) sil kasalligiga barham berish strategiyasini amalga oshirish maqsadida, Amerika Qo’shma Shtatlari O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. JSTga ko’ra, dunyo bo’ylab 10 milliondan ortiq odam sil kasalligidan aziyat chekadi. Sil kasalligining oldini olish imkoni hamda davosi bor bo’lsa-da, har yili 2 millionga yaqin odam ushbu kasallik tufayli olamdan o’tyapti. Ushbu kasallikning oldini olish hamda davolash haqida aholi o’rtasida yetarli ma’lumot yo’qligi sil kasalligining tarqalib ketishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.
Butunjahon sil kasalligiga qarshi kurash kuniga bag’ishlangan tashrif Qashqadaryo viloyat sil kasalliklari dispanseri bosh shifokori To’lqin Ashurov tomonidan tashkil etildi. 3 million aholiga xizmat ko’rsatib kelayotgan ushbu dispanser USAIDga qarashli silni nazorat qilish dasturi orqali texnik yordam qabul qilib oldi. 2015-yildan buyon bu dastur O’zbekistonning to’rt viloyatida sil kasalligi tarqalishini bartaraf etib kelmoqda.
Tashrif davomida, Spratlen xonim dispanser shifokorlari, hamshiralari hamda AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan bemor muhtoj bo’lgan kerakli yordamni berishga mo’ljallangan va ushbu kasallikka chalinganlarni to’liq sog’ayib ketgunga qadar shifoxonada qolib davolanishini qo’llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan sil kasalligiga chalingan bemorlar maktabi hamda Bemorlarni qo’llab-quvvatlash guruhi xodimlari bilan uchrashdi. Elchi xonim, shuningdek, USAID tomonidan bemorlar va ularning yaqinlarini qo’llab-quvvatlash borasida uyushtirilgan mashg’ulotlarda malaka oshirgan jamoa yetakchilari bilan ham uchrashdi.
AQSh elchisi Spratlen shu qatorda USAID tomonidan tashkillashtirilgan ilmiy mashg’ulotlarda qatnashib qaytgan, sil kasalligi haqida xabar berish, u haqidagi maqolalar va ushbu kasallikka chalingan bemorlar orasida stigma va kamstish kabi holatlarni kamaytirishga hissa qo’shgan jurnalistlar bilan uchrashishga muvaffaq bo’ldi.