Elchi Jorj Krolning AQSH Mustaqillik kuni munosabati bilan o’tkazilgan rasmiy marosimda so’zlagan nutqi

Muhtaram mehmonlar, hamkasblar, xonimlar va janoblar!

Amerika Qo’shma Shtatlari Mustaqillik Deklaratsiyasining ikki yuz o’ttiz sakkiz yilligini biz bilan birgalikda nishonlashga kelganingiz uchun barchangizga tashakkur aytaman.

Garchi u voqea bundan ancha avval sodir bo’lgan bo’lsa ham, har bir avlodga mansub amerikaliklar uchun o’sha hujjatda keltirilgan asosiy tamoyillar, ya’ni hayot, erkinlik va baxtga intilish prinsiplari bugungi kunda ham xuddi ikki yuz o’ttiz sakkiz yil avvalgi kabi muhim ahamiyatga egadir.

Amerikaliklar bu prinsiplarni deb hatto bir’-birlari bilan ham kurashganlar. Dunyodagi ko’plab xalqlar bu tamoyillarni xuddi amerikaliklar ularni Amerikadan qadimiyroq bo’lgan tamaddunlardan o’zlashtirib olgani kabi o’zlari uchun qabul qilishgan.

Bu prinsiplarning millati mavjud emas. Ular faqatgina Amerikaga xos emas. Ular Qo’shma Shtatlar yoki O’zbekistonda bo’lishimizdan qat’iy nazar barchamiz uchun umumiy bo’lgan insoniy merosning bir bo’lagidir.

Shu bois, bugun biz nafaqat amerikacha bayramni, balki barchamiz o’rtada foydalanadigan va qattiq istaydigan tamoyillarni nishonlash uchun to’plandik.

Aziz do’stlarim, bu mening Qo’shma Shtatlarning O’zbekistondagi elchisi sifatida Amerika mustaqilligini to’rticnhi marta bayram qilishim.

Ehtimol, bu mening ushbu bayramni O’zbekistonda oxirgi marta nishonlashimdir. Shuning uchun bugungi imkoniyatdan foydalanib, bir yerga ja’m bo’lgan ko’pgina do’stlarim va hamkasblarimga so’nggi marta murojaat qilayotgan bo’lsam ehtimol.

Garchi diplomat sifatida o’tgan o’ttiz ikki yil davomida ko’p mamlakatlarda xizmar qilgan bo’lsam ham, o’zim yashagan biror mamlakatni tark etishim men uchun hech qachon oson bo’lgan emas. Ayniqsa, O’zbekistondaligim chog’ida bu narsa yaqqol bilinmoqda.

O’tgan yillar davomida men bu mamlakat va uning xalqiga deyarli o’zimniki singari oshiq bo’lib qoldim.

Men bu g’aroyib yurtning turli burchaklariga – tog’ va cho’llari, daryo va vodiylari, afsonaviy shaharlari va mo’jaz qishloqlariga sayohat qildim. Qayerga borgan bo’lsam, faqat samimiyat va mehmondo’stlik hamda o’z mamlakatimga bo’lgan qiziquvchanlikka guvoh bo’ldim.

Elchi bo’lib ishlagan davrimda Qo’shma Shtatlar va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar ancha rivojlanganidan faxrlansam ham, shuni bilamanki, munosabatimizda katta yutuqlarga erishish uchun hali yana ko’p ishlar qilinishi kerak.

Men aloqalarimiz ijobiy tomonga o’zgargani, munosabatlarimiz kengaygani va chuqurlashganidan xursandman.

Biroq, shuni tan olishim kerakki, bu mamlakatda ekanman, O’zbekiston xalqi menga men ularga bergan narsadan ko’proq narsani taqdim etdi.

Siz menga o’zingizning qadimiy tarixingizni, go’zal tilingiz va she’riyatingizni, yoqimli musiqangizni, chuqur oilaviy qadriyatlaringizni, farzandlaringizga bo’lgan mehrni, kattalarga bo’lgan hurmatni, kuchli diniy e’tiqod va bag’rikenglikni, qiyinchlik onidagi bardoshni, o’ziga xos badiiy qobiliyat va ajoyib hunarmandchilikni, erkinlikka bo’lgan muhabbat va ozodlik uchun jon fido qilishni, mehnatkashlikni, hazil-mutoyiba tuyg’usini, va albatta taomni ishtaha bilan iste’mol qilish hamda zavqu shavqqa to’lib raqsga tushishni o’rgatdingiz.

Bu yerdan olib ketadigan xotiralarim butun umr meni tark etmaydi. O’zbekiston har doim mening, mening hayotim va orzularimning bir bo’lagi bo’lib qoladi.

Chin qalbimdan “Rahmat, O’zbekiston!” deyishga ijozat bering.

Hayotingiz har doim osoyishta va nurga to’liq bo’lsin!

E’tiboringiz uchun tashakkur.