Madaniy merosni asrab-avaylash orqali Amerika Qo’shma Shtatlari boshqa xalqlarning madaniy merosi va milliy o’zligiga hurmatini namoyon etadi, shu bilan birga ularning turizm va iqtisodiy rivojlanish salohiyatiga hissa qo’shadi. AQSh Davlat departamenti o’z tasarrufida bu ishni amalga oshirishda yordam beradigan juda kuchli vosita sifatida Madaniy merosni asrab-avaylash bo’yicha elchi jamg’armasi (AFCP) mavjudligidan nihoyatda mamnundir.
2001-yil aprel oyida ishga tushirilgan AFCP har yili cheklangan sondagi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun o’z loyihalarini moliyalashtirish imkoni haqida tanlov e’lon qiladi. Ushbu tanlovda raqobat juda kuchli bo’lib, har bir loyihani moliyalashtirish imkoni mavjud emas. Shunga qaramay, AFCP butun dunyo bo’ylab tarixiy binolar, arxeologik joylar, etnografik ob’ektlar, rasmlar, qo’lyozmalar, mahalliy tillar hamda madaniy san’at va ifodaning boshqa shakllarini o’z ichiga olgan keng ko’lamli loyihalarni saqlab qolish uchun 115 million dollarga yaqin mablag’ ajratish yo’li bilan 1200 dan ortiq loyihani qo’llab-quvvatladi.
Biz AFCP O‘zbekistonda 10 ta loyihani amalga oshirib, ja’mi 897 000 AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritganidan faxrlanamiz. Yaqinda nihoyasiga yetgan Toshhovli saroyi bu boradagi loyihalarning so’nggisi bo’ldi.
Biz O‘zbekistonning ajoyib va betakror madaniy merosini asrab-avaylashga o‘z hissamizni qo‘shish imkoniyatiga ega bo’lganimizdan mamnunmiz. O‘ylaymizki, biz nafaqat O‘zbekistonning boy tarixini, balki turizmga qiziqishni oshirish orqali mamlakat iqtisodiy salohiyatini yaxshilagan va mahalliy mutaxassislarning tajribasini namoyish etgan holda uning kelajagini ham qo‘llab-quvvatlaymiz.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti – 2001-yil
Ushbu arxiv fondida butun islom olami uchun qimmatli boʻlgan XVII asrga oid qoʻlyozmalar va jildlar mavjud. AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon E.Herbst Fanlar akademiyasi qoshidagi Abu Rayhon nomidagi Sharqshunoslik institutiga mikrofilm olish, nusxa ko‘chirish va qo‘lyozmalarning bebaho kolleksiyasini tiklashda yordam berish uchun grant taqdim etdi.
Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida Qurʼon toʻplamini asrab-avaylash – 2003-yil
AFCP Samarqand shahridagi Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida eramizning XI asriga oid yigirmaga yaqin Qurʼonni asrab-avaylashga qaratilgan loyihani qoʻllab-quvvatladi. Grant mablag’lari eksponatlarini ta’mirlash, jumladan, iqlimni nazorat etuvchi uskunalar o’rnatish, chiroqlar qo’yish va ko’rgazma ma’lumotlarining ingliz tiliga tarjimasi uchun sarflangan.
Akbar Rahimov kulolchilik maktabi – 2004-yil
Kampirtepa qal’asini saqlab qolish – 2005-yil
AFCP granti yordamida qazilma hudud saqlab qolindi va Kampirtepa qal’asidan topilgan artefaktlarni hujjatlashtirilidi. Bu yerda Kushonlar sulolasi davrida eramizdan avvalgi 400-yillardan to 2-asrgacha aholi yashagan. Qal’ada zardushtiylikka oid marosimlar o’tkazilgan. 1972-yilda topilgan ushbu qal’aning 75 foizi qazilgan. Eroziyaning oldini olish maqsadida u yerdan qazib olingan sopol konstruktsiyalarni zudlik bilan saqlab qolish zarurati tug’ilgan.
Tamaraxonim muzeyi kolleksiyasini saqlab qolish – 2008-yil
Tamaraxonim 20-asr boshlarida omma oldida ro‘molini yechgani bilan mashhur bo‘lgan raqqosa va qo‘shiqchi bo‘lib, u o‘zbek raqsini professional teatr san’atiga aylantirgan. AFCP granti yordamida Tamaraxonimning liboslari, zargarlik buyumlari, fotosuratlari, teatr afishalari, xatlari va hayotini aks ettiruvchi audiovizual yozuvlarni saqlash ishlari amalga oshirilgan. To’plamdagi ko’plab ob’ektlar mo’rt holatda bo’lgani uchun konservatsiyadan ilgari ommaga namoyish etilmagan.
Buxorodagi XVIII asrga oid Juma masjidini saqlab qolish – 2009-yil
AFCP Buxorodagi ochiq osmon ostida joylashgan muzey majmuasidagi uchta tarixiy binodan biri boʻlgan 18-asrga oid Juma masjidida devor rasmlari va sanʼat asarlarini saqlashni qoʻllab-quvvatladi. Haroratning keskin o’zgarishi masjidning ichki devor rasmlari va dekorativ yog’och o’ymakorligiga salbiy ta’sir o’tkazgandi. Ushbu loyiha ichki harorat va namlik darajasini tartibga solish uchun iqlimni nazorat etuvchi maxus tizim o’rnatishni ham o’z ichiga olgan.
Davlat san’at muzeyida yog’och qoliplarni saqlab qolish – 2010-yil
AFCP Toshkentdagi O‘zbekiston davlat san’at muzeyida “qoliplar” deb nomlangan 1400 dan ortiq yog‘och bosma blokdan iborat kolleksiyani qo‘llab-quvvatlandi. Bir vaqtlar bosma charm, paxta va ipak matolar ishlab chiqarishda foydalanilgan ushbu qoliplar kolleksiyasi 1930-yillarda muzey xodimlari tomonidan butun O‘zbekiston bo‘ylab to‘plangan namunalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu loyiha yog’och qoliplarni saqlab qolish va to’plamning to’liq tasvirlangan katalogini nashr etishga qaratilgan.
Buxoro vohasidan topilgan tosh asridan soʻnggi oʻrta asrlar davrigacha boʻlgan noyob osori-atiqalarning saqlanishi – 2011-yil
Bugungi kunga qadar arxeologlar uchun eng muhim vositalardan biri bo’lgan metall va keramika buyumlari tadqiqotchilarga tarixda texnologiya qanday bo’lganini, savdo yo’llari va hududning kundalik turmush-tarzini sharhlashda yordam berdi. Yer osti suvlarining koʻtarilishi va vohaning shoʻrlanishi natijasida obʼyektlar jiddiy ravishda yaroqsiz holga kelib qolgandi. Loyiha qadimiy devoriy suratlar va boshqa artefaktlarni saqlab qolishni o’z ichiga olgan.
Samarqanddagi Afrosiyob muzeyida VII asrga oid elchilar rasmining restavratsiyasi – 2013-yil
Oʻrta Osiyo sanʼatida noyob sanalgan Samarqand shohi tasvirlangan “Elchilar” kartinasi 1980-yildagi restavratsiyadan soʻng va undan keyingi yillar davomida asrab qolishga bo’lgan urinishlardan soʻng ancha yomon holatga kelib qolgandi. Ushbu AFCP loyihasi avvalgi restavratsiya materiallarini olib tashlash, devorni yaxshilab tozalash va rasmni saqlash joyini iqlim nazorati bilan barqarorlashtirishni o’z ichiga olgan.
Xivadagi 19-asrga oid Toshhovli saroyini konservatsiya qilish – 2019-yil
AFCP Xivadagi Toshhovli saroyini qayta tiklash va asl ko’rkamligini saqlab qolishga yordam berdi. Saroy 1829-1839-yillarda qurilgan bo’lib, unda faqatgina Xivada uchratish mumkin bo’lgan nozik mayolika plitalari mavjud. Xorazm an’anaviy hunarmandchiligining timsoli bo’lgan naqshinkor yog’och shift, ustunlar va eshiklar noqulay ob-havo sharoiti va oldingi saqlash ishlari noto’g’ri olib borilganligi sababli yomonlashgandi.
Qashqadaryo viloyatidagi 15-asrga oid Langar-ota majmuasini asrab-avaylash O‘zbekistondagi AFCPning so‘nggi loyihasidir
Langar-ota majmuasida konservatsiya ishlari 2023-yilning kuzida boshlanadi. Loyiha doirasida tarixiy Langar-ota masjidi va So‘fiylar ziyoratgohi konservatsiya va restavratsiya qilinadi. Mazkur majmua qariyb 600 yil davomida mahalliy va mintaqa jamoatchiligining diniy hayotida faol rol o‘ynagan. AFCP loyihasi o‘zbek madaniy merosining ushbu xazinasini barqarorlashtiradi va qayta tiklaydi.