AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi
Matbuot bilan aloqalar boshqarmasi
2023-yil 23-oktabr
Matbuot xabarnomasi
USAID administratori Samanta Pauer Oʻzbekistonda taʼlimni qoʻllab-quvvatlash to’g’risidagi yangi tashabbusni eʼlon qildi
Bugun USAID administratori Samanta Pauer Toshkentdagi maktablardan biriga tashrif buyurib, har bir bolaning maktabda muvaffaqiyat qozonishi uchun zarur bo‘lgan ta’lim, materiallar va qo‘llov sifatini yaxshilashga ko’maklashuvchi yangi tashabbusni e’lon qildi. Ushbu tashabbusning birinchi yilida 4,5 million dollar sarmoya kiritiladi.
Prezident Baydenning BMT Bosh Assambleyasi C5+1 yig‘ilishidagi chaqirig‘idan so‘ng, C5+1 mamlakatlaridagi barcha sohalarda imkoniyati cheklanganlar huquqlariga asosiy yo’nalish sifatida qarash hamda O‘zbekiston hukumatining 2025-yilgacha maktablarning kamida 51 foizini inklyuziv tizimga aylantirish vazifasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu majburiyat yanada inklyuziv ta’lim tizimi uchun asos yaratadi hamda o’quvchi yoshlar, jumladan, imkoniyati cheklangan bolalarning asosiy ko’nikmalarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Bugungi e’lon USAIDning Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi bilan ingliz tili, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, o’qish va matematika kabi muhim fanlarni o’rganishni yaxshilash bo’yicha erishgan yutuqlarining davomidir. 2019-yildan beri AQSh USAID orqali O‘zbekistonda ta’limga oid imkoniyatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 40 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi.
USAID bu yangi tashabbus orqali bog’chadan boshlab 5-sinfgacha (K-5) bo’lgan oʻquvchilarga samarali bilim olishda ko’maklashuvchi dalillarga asoslangan hamda inklyuziv taʼlim amaliyotlarini sinab koʻrish va kengaytirishda hukumat, oʻqituvchilar, ota-onalar, imkoniyati cheklanganlar va fuqarolik jamiyatini jalb etadi. Bu boradagi sa’y-harakatlar inklyuziv ta’lim tamoyillarini integratsiyalash uchun o‘qitish va o‘quv materiallarini qayta ko‘rib chiqishga qaratiladi; keng ko’lamli ta’lim ehtiyojlarini yaxshiroq qo’llab-quvvatlash uchun o’qituvchilar, maktab rahbariyati va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahorati oshiriladi; hamda butun mamlakat boʻylab inklyuziv taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan siyosat, tartib va amaliyotlarni joriy etish uchun Oʻzbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilinadi.
Inklyuziv ta’lim tizimi barcha bolalarga o’z ehtiyojlarini qondiradigan muhitda o’qish va rivojlanish imkonini beradi. USAID har bir o‘zbekistonlik ilm tolibiga inklyuziv, sifatli va teng huquqli ta’limni taqdim etish uchun o’z hamkorlari bilan ishlashga intiladi. Oxir oqibat, bu barcha bolalarga bir kun kelib jamiyatning to’laqonli ishtirokchisi bo’lishlari va O’zbekiston kelajagiga hissa qo’shishlari uchun zarur bo’lgan asosiy ko’nikmalarni taqdim etadi.